O‘zbekiston xalq yozuvchisi O‘tkir Hoshimov tavalludiga bag‘ishlangan ma'naviy-ma'rifiy davra suhbati
O‘zbekiston xalq yozuvchisi O‘tkir Hoshimov tavalludiga bag‘ishlangan ma'naviy-ma'rifiy davra suhbati
🗣Joriy yilning 5-avgust kuni O‘zbekiston xalq yozuvchisi O‘tkir Hoshimov tavalludi munosabati bilan Do‘stlik tuman axborot-kutubxona markazi tomonidan Alfa Plus o‘quv markazi o‘quvchilari ishtirokida ma'naviy-ma'rifiy davra suhbati tashkil etildi.
Tadbirning asosiy maqsadi yosh avlodni adibning boy ijodiy merosi bilan yaqindan tanishtirish, kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish hamda milliy va umuminsoniy qadriyatlarni targ‘ib etishdan iborat bo‘ldi.
Davra suhbati davomida O‘tkir Hoshimovning hayoti va sermazmun ijodi haqida batafsil ma'lumot berildi. Xususan, adibning "Dunyoning ishlari", "Ikki eshik orasi" va "Tushda kechgan umrlar" kabi mashhur asarlari tahlil qilinib, ularda insoniylik, mehr-oqibat, ota-onaga hurmat, Vatanga muhabbat, sadoqat va halollik kabi yuksak fazilatlar chuqur badiiy mahorat bilan yoritilgani alohida ta'kidlandi.
Tadbir davomida o‘quvchilar adib asarlaridan parchalar mutolaa qilib, ularning mazmun-mohiyati yuzasidan o‘z fikr va taassurotlarini bildirdilar. Savol-javoblar hamda erkin fikr almashish jarayoni davra suhbatining yanada mazmunli va qiziqarli ruhda o‘tishiga xizmat qildi.
Shuningdek, tadbir doirasida O‘tkir Hoshimovning asarlaridan tashkil topgan kitoblar ko‘rgazmasi namoyish etildi. Ishtirokchilar ko‘rgazma bilan yaqindan tanishib, adibning boy adabiy merosi haqida yanada kengroq tasavvurga ega bo‘ldilar.



