"Ma'rifat fidoyisi – Abdulla Avloniy" mavzusida davra suhbati tashkil etildi.
Joriy yilning 13-iyul sanasida Abdulla Avloniy tavalludi munosabati bilan Do‘stlik tuman axborot-kutubxona markazi xodimlari hamda "Ultimatum" o‘quvchilari ishtirokida "Ma'rifat fidoyisi – Abdulla Avloniy" mavzusida davra suhbati tashkil etildi.
Tadbirda Abdulla Avloniyning hayoti, ijodi va ma'rifatparvarlik faoliyati haqida so‘z yuritilib, uning xalqimiz ta'limi va ma'naviyati rivojiga qo‘shgan ulkan hissasi alohida ta'kidlandi. Xususan, "Turkiy guliston yoxud axloq" asari hamda "Tarbiya biz uchun yo hayot – yo mamot..." hikmatining mazmuni o‘quvchilar bilan birgalikda tahlil qilindi.
Suhbat davomida ishtirokchilar adibning hayoti va ijodi yuzasidan fikr almashib, asarlaridan parchalar o‘qidilar. Shuningdek, Avloniy qalamiga mansub asarlar va u haqidagi adabiyotlardan iborat kitoblar ko‘rgazmasi tashkil etilib, kitobxonlarga tavsiya qilindi.
Mazmunli o‘tgan tadbir yoshlarning kitob mutolaasiga qiziqishini oshirish, ularda milliy qadriyatlarga hurmat, ajdodlar merosiga ehtirom hamda ilm-ma'rifatga intilish tuyg‘ularini mustahkamlashga xizmat qildi.



