Ismoil G‘aspiralining “Xotinlar o‘lkasi” asari yuzasidan kitob taqdimoti va ma’naviy-ma’rifiy uchrashuv tashkil etildi.
Joriy yilning 24-iyun sanasida Do‘stlik tuman Axborot-kutubxona markazida buyuk jadid ma’rifatparvari Ismoil G‘aspiralining “Xotinlar o‘lkasi” asari yuzasidan kitob taqdimoti va ma’naviy-ma’rifiy uchrashuv tashkil etildi. Tadbirda Do‘stlik tuman Favqulodda vaziyatlar bo‘limi xodimlari hamda tuman “Nuroniy” jamg‘armasining faol nuroniy otaxonlari ishtirok etdilar.
Taqdimot avvalida jadidchilik harakati, jadid adabiyotining millat taraqqiyotidagi o‘rni hamda Ismoil G‘aspiralining turkiy xalqlar ma’rifati yo‘lidagi xizmatlari haqida ma’lumot berildi. Shuningdek, uning ilm-ma’rifat, ta’lim-tarbiya va jamiyat taraqqiyoti haqidagi ilg‘or g‘oyalari bugungi kunda ham dolzarb ekani ta’kidlandi.
So‘ngra “Xotinlar o‘lkasi” asarining mazmun-mohiyati yoritilib, unda ayol va erkaklarning jamiyatdagi an’anaviy rollari almashgan holda tasvirlanishi orqali muallif o‘quvchini chuqur mushohadaga chorlagani qayd etildi. Asarning asosiy g‘oyasi jamiyat taraqqiyotida ilm, ma’rifat, adolat va o‘zaro hurmatning muhim o‘rin tutishini ko‘rsatishdan iborat ekani ta’kidlandi.
Tadbir davomida ishtirokchilar asar yuzasidan fikr almashib, uning bugungi jamiyat uchun ahamiyati, ma’rifatli ayol va oilaning jamiyat taraqqiyotidagi o‘rni haqida bahs-munozaralar olib bordilar.
Shuningdek, FVV xodimi Dostonbek Eshqobilov hamda nuroniy otaxon Toshkenboy ota Abduolimovlar o‘zlarining hayotiy tajribalari asosida kitobxonlik, ma’naviy qadriyatlar va jadidlar merosini o‘rganishning ahamiyati haqida fikr bildirdilar.
Tadbir yakunida bunday ma’naviy-ma’rifiy uchrashuvlar kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish, tarixiy merosimizga hurmat tuyg‘usini mustahkamlash hamda yosh avlodning ma’naviy kamolotiga xizmat qilishi alohida ta’kidlandi.



