“Har bir sheʼrda tabassum, har satrda hayot” nomli maʼnaviy-maʼrifiy tadbir tashkil etildi.
Joriy yilning 28-yanvar kuni Doʻstlik tumani axborot-kutubxona markazi xodimlari va 2-umumiy oʻrta ta’lim maktabi hamkorligida 4-“G” sinf oʻquvchilari ishtirokida oʻzbek bolalar adabiyotining yorqin namoyondalaridan biri — shoir va yozuvchi Anvar Obidjon tavalludiga bagʻishlangan “Har bir sheʼrda tabassum, har satrda hayot” nomli maʼnaviy-maʼrifiy tadbir tashkil etildi.
Tadbir davomida Anvar Obidjonning hayoti va ijodi haqida atroflicha maʼlumotlar berilib, uning sheʼrlaridan namunalar oʻqildi. Shoir ijodida jonlantirish, yumor va oʻyinbaxsh ohangning kuchliligi alohida taʼkidlandi. Aynan shu jihatlari sababli Anvar Obidjon asarlari maktab darsliklariga kiritilgan boʻlib, ular bolalar tomonidan katta qiziqish bilan oʻqiladi va oson yod olinadi.
Shuningdek, tadbirda oʻquvchilar ishtirokida turli raqslar ijro etilib, qiziqarli tanlov va oʻyinlar oʻtkazildi. Oʻquvchilar “Yigitlar” va “Qizlar” jamoalariga boʻlinib, “Oʻzimizdagi sonni topamiz”, “Soʻz oʻyini”, “Kim chaqqon?”, “Koʻngilochar oʻyin” shartlari boʻyicha oʻzaro bellashdilar. Bellashuvlar davomida ishtirokchilar oʻzlarining zukkoligi, chaqqonligi va ijodkorligini namoyon etdilar.
Tanlov yakunlariga koʻra, “Yigitlar” jamoasi 1-oʻrinni egallab, axborot-kutubxona markazi tomonidan I darajali diplom, “Qizlar” jamoasi esa 2-oʻrinni qoʻlga kiritib, II darajali diplom bilan taqdirlandi.
Mazkur tadbirda jami 26 nafar oʻquvchi ishtirok etib, ularning adabiyotga boʻlgan qiziqishini oshirishga xizmat qildi.




