Do‘stlik tuman axborot-kutubxona markazi tomonidan O‘zbekiston xalq yozuvchisining mashhur “Oltin zanglamas” asari taqdimoti yuqori saviyada tashkil etildi.
Kitob inson qalbini tarbiyalaydi, tafakkurini boyitadi va ma’naviyatini yuksaltiradi. Shu maqsadda Do‘stlik tuman axborot-kutubxona markazi tomonidan O‘zbekiston xalq yozuvchisining mashhur “Oltin zanglamas” asari taqdimoti yuqori saviyada tashkil etildi.
Mazkur adabiy-ma’rifiy tadbirda 18-maktabning tajribali o‘qituvchisi Hasanov Yodgor hamda kitobsevar o‘quvchilari, shuningdek, ixtisoslashtirilgan maktabning ona tili va adabiyoti fani o‘qituvchisi Xamroyeva Nargiza faol kitobxon o‘quvchilari bilan ishtirok etdilar.
Tadbir davomida Axborot-kutubxona markazi xodimi Norqulova Dilnoza tomonidan asarning mazmun-mohiyati, badiiy qiymati va tarbiyaviy ahamiyati keng yoritib berildi. Taqdimotda insoniylik, sadoqat, vatanparvarlik, mardlik va halollik kabi yuksak fazilatlar asarda chuqur ifodalangani alohida ta’kidlandi.
18-maktab o‘qituvchisi Hasanov Yodgor o‘z nutqida ushbu asar yosh avlodni ma’naviy barkamollikka undovchi muhim asarlardan biri ekanligini ta’kidladi. Xamroyeva Nargiza esa asarning badiiy tili va yozuvchi mahorati haqida fikr bildirib, “Oltin zanglamas” inson qalbini tarbiyalaydigan ma’naviy maktab ekanini qayd etdi.
Tadbir davomida o‘quvchilar ham asar yuzasidan o‘z fikr va taassurotlari bilan faol ishtirok etdilar. Qahramonlar xarakteri va asardagi hayotiy voqealar yuzasidan qiziqarli bahs-munozaralar tashkil etildi.
Yakunda kitob mutolaasining inson hayotidagi o‘rni va badiiy adabiyotning ma’naviy kamolotdagi аhamiyati haqida tavsiyalar berilib, yoshlarni kitobxonlikka keng jalb etish zarurligi ta’kidlandi. Taqdimotda jami 42 nafar o‘quvchi va o‘qituvchi ishtirok etdi.