“Bir asar tarixi” shiori ostida davra suhbati tashkil etildi.
Joriy yilning 17-avgust sanasida Do‘stlik tuman axborot-kutubxona markazida “Bir asar tarixi” shiori ostida davra suhbati tashkil etildi.
Tadbirning asosiy maqsadi kitobxonlarni badiiy asarlar olami bilan yaqindan tanishtirish, asarlarning yaratilish tarixi, undagi g‘oya va qahramonlar haqida fikr almashish hamda yoshlar o‘rtasida kitobxonlik madaniyatini yanada rivojlantirishdan iborat.
Har bir badiiy asarning o‘z tarixi bor. Yozuvchi asarni yaratish jarayonida hayotiy voqealar, inson taqdiri, jamiyatdagi o‘zgarishlar va shaxsiy kuzatuvlaridan ilhomlanadi. Shu bois asarni o‘qish bilan bir qatorda, uning qanday yaratilgani, muallifni asar yozishga nima undagani va unda qanday g‘oya ilgari surilgani haqida bilish kitobxon uchun yanada qiziqarli va mazmunli bo‘ladi.
Davra suhbatida Azamat Qorjovovning “Musofir go‘dak qismati” asari haqida so‘z yuritildi. Asarning mazmun-mohiyati, unda aks etgan hayotiy voqealar va qahramonlar taqdiri ishtirokchilarga batafsil tushuntirib berildi.
Mazkur asar kitobxonlarda katta qiziqish uyg‘otib, ular o‘rtasida asar yuzasidan fikr va taassurotlar almashinuvi tashkil etildi.
Tadbir yakunida ishtirokchilar badiiy asarlarni mutolaa qilish insonning dunyoqarashi va ma’naviy olamini boyitishda muhim ahamiyatga ega ekanini ta’kidladilar.



