“Bir asar tarixi” shiori ostida davra suhbati tashkil etildi.
Joriy yilning 7-may sanasida Do‘stlik tuman axborot-kutubxona markazi xodimlari tomonidan 7-umumiy o‘rta ta’lim maktabining faol kitobxonlari hamda “Kitobxonlar klubi” a’zolari ishtirokida “Bir asar tarixi” shiori ostida davra suhbati tashkil etildi. Tadbir davomida jahon adabiyoti namoyandasi Sharon Draper qalamiga mansub Out of My Mind (“Aqlimdan tashqarida”) asari keng muhokama qilindi.
Asarda ilgari surilgan insoniy fazilatlar, sabr-toqat, hayotga muhabbat, imkoniyati cheklangan insonlarning ichki dunyosi va orzu-intilishlari haqida batafsil fikr yuritildi. Kutubxona xodimlari tomonidan asar qahramoni Melodiyaning murakkab, ammo matonatga boy hayoti o‘quvchilarga keng yoritib berildi. Qahramonning bilimga chanqoqligi, qat’iyati va hayot sinovlariga bardosh bilan qarashi yosh kitobxonlarda katta taassurot qoldirdi.


